Главная » 2012 » Ноябрь » 19 » Aqlli kishi bilan aqlsiz kishini ajratib turadigan bitta narsa ..
15:45
Aqlli kishi bilan aqlsiz kishini ajratib turadigan bitta narsa ..
Ish vaqtida ayyor, osh vaqtida tayyor boʻlib, sirting yaltirab, iching qaltirab yurib, tirikman degandan koʻra - bundan xudo yuborgan halol oʻlim ming marta afzal.
Mening nazarimda, aqlli kishi bilan aqlsiz kishini ajratib turadigan bitta narsa bor.

Avvalambor bandasi yaratilgandan keyin, dunyodagi mavjud narsalarga qiziqmay iloji yoʻq. Xuddi shu payt uning umrida eng qiziq davri boʻlib esida qoladi. Shunda aqlli odam kelgusida nafi tegadigan bir ishga mehr qoʻyib, ixlos bilan yopishar ekan-u, bir kun uning ana shu qiziqqan narsasi oʻzining sevgan kasbiga aylanib, kuniga yarab, koʻz koʻradigan, quloq eshitadigan, koʻngil sezadigan boʻlarkan. Nihoyat, shunday oʻtgan umrning oʻkinchi ham boʻlmas ekan.

Aqlsiz kishi nimaiki koʻrsa - shunga havas qilib va ularning birontasini ham boshini tutolmay, ne-ne tillaga topilmaydigan umrini it azobiga xor-zorlik bilan oʻtkazib yuborar ekan-u, keyingi oʻkinchidan foyda chiqmas ekan. U odam oʻzini yoshligida, bu hunar boʻlmasa, u hunar, deb oʻzini har ishga qodir sezib, u shohdan bu shohga uchib qoʻnib, goʻyo yoshligi abadiy turaveradiganday, belining quvvati, koʻzining nuri ketib, qarimaydiganday koʻrinarkan-u, vaqti kelib, tushunib, biror ishning boshini ushlayman, deganda, yoshi oʻtib, kuchi ketib, qoʻlidan hech narsa kelmay qolar ekan.

Keyin har narsaga bir qiziqish masalasi. Agar biror narsaga qiziqsang - bora-bora uni sevib qolarkansan, kishi. Bir narsani sevishning oʻzi ham bir dard boʻlarkan. Ana shu sevgan ishingga, kasbingga yetay-etay deb turganda, odamda qandaydir bir mastlik, magʻrurlik paydo boʻlarkan. Ma'lumki, mastlik har qanday mast kishining aybini koʻproq yuzaga chiqarar, koʻzlarini shira bostirar, magʻrurlantirib yuborar ekan. Ana shunday paytda eslik odam esini yoʻqotib qoʻymay, aql-hushini bir joyga yigʻib olib, oʻz kasbi-korining etagidan mahkam ushlar ekan. Essiz, ovsar kishilar esa boshi aylanib, koʻzi tinib, bosar-tusar joyini bilmay, hovliqib, bosh yalang, egar-toʻqimsiz otini qamchilayverar ekan - men shuni koʻrdim.

Agarda sen ham aqlli kishilarning safida boʻlging kelsa, har kuni bir marta, yo haftada bir marta, hech boʻlmasa oyida bir marta oʻzingga oʻzing hisob ber! Oʻtgan umrni qanday oʻtkazibsan: na ilmga, na jamiyatga va na oʻzingga foydali biror ish qilibsanmi? Yo esa qanday qilib oʻtkazganligingni oʻzing ham sezmay qolibsanmi?
Просмотров: 604 | Добавил: gonch | Теги: Kishi, bitta, .., ajratib, kishini, Aqlli, narsa, BILAN, aqlsiz, turadigan | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: