GULSANAM MAMAZOITOVA BILAN 2011 SONIYALIK SUHBAT. - 22 Апреля 2013 - Dom.uCoz.Es
Главная » 2013 » Апрель » 22 » GULSANAM MAMAZOITOVA BILAN 2011 SONIYALIK SUHBAT.
22:34
GULSANAM MAMAZOITOVA BILAN 2011 SONIYALIK SUHBAT.


Aynan
yangi yilning ilk kunlarida nega Gulsanam Mamazoitova bilan suhbat, deb
hayron bo’layotgandirsiz, buning o’ziga yarasha sabablari bor. Shu oyda
o’zining besh kunlik konsert dasturi bilan muxlislarni xursand qilishga
harakat qilayotgan xonandamiz san’atda hamma narsani o’z vaqtida amalga
oshira olayotganligi bilan ham tilga olinadi. Masalan, o’z vaqtida
mashhur bo’lish, o’z vaqtida turmushga chiqish, farzandli bo’lish va
yana ijodga sho’ng’ish. Bunday o’ylab qarasangiz bir qizning
risoladagidek hayot tarzi. Ammo ko’pchilik shuni ham eplay
olmayapti-da. Mayli bayram kunlarida boshqalar qilgan ishlarni yoki
gapirgan gaplarini muhokama qilib o’tirmaymiz-da, sevimli xonandangiz
bilan bayramona suhbatni sizga havola etamiz.




— Yangi yildan ko’pchilik qandaydir yaxshiliklar kutishadi... Siz nima kutyapsiz?



Yangi yildan biror narsa kutsangiz, o’zi olib kelib bermaydi.
Shunchaki, yaxshi niyatlar qilish kerak va uning amalga oshishishi
Yaratgandan so’rash kerak bo’ladi. Bu borada Gulsanam Mamazoitova ham
shunday yo’l tutadi.



Yillar o’tdi. Gulsanam Mamazoitova ona bo’ldi.. Bugun onangizning qaysi
holatini tushunyapsizu o’zingiz qay darajada yaxshi ona bo’la olyapsiz?



Oh, onajonimning kechinmalarini endi tushunyapman. Axir onam uch
farzandni yolg’iz o’zlari tarbiyalaganlar. Men esa bittagina qizimga
ham ba’zida vaqt ajrata olmay qolaman. Lekin iloji boricha birga
bo’lishga harakat qilyapman.


— Qizingizni bir paytlardagi jajji Gulsanam bilan solishtirganda...



Ko’p jihatlarimiz o’xshash. Masalan, san’atga bo’lgan qiziqishi bor,
sersalomligi, hech kimni xafa qilmasligi o’xshaydi. Hatto, bolalarga
"babu” deb qo’rqitasiz-ku. O’sha babuni ham oppoq deydi.  


— Injiqligi-chi?


— Injiqligi otasiga tortgan (kuladi).


— Gulsanam bugun: passiv, shijoatkor, nima bo’lsa bo’larchi... Qaysi biriga moyilsiz?


— Bugun "Oltin o’rtalik”dagi ijodkorman. Hammasini bir maromda ushlashga kirishganman.  


— Ro’zg’orning kamini qanday yopyapsiz?


— Ro’zg’orning kami haqida erkaklar o’ylashadi. Biz ayollar esa ular topib kelganini eplasak bo’lgani.


— Epli-sepli ayol bo’la olyapsizmi?


— Albatta, avvaldan shunday bo’lgan.


— Qizingizning birinchi so’zi... U sizni esladimi yoki otasini?


— Otasini... Bundan xafa bo’lganim yo’q. Negaki, qiz bola otasiga mehribon, o’g’il bola onasiga deyishadi-ku. 


— Farg’onaga qancha fursatda borib turasiz?



Ilgari ko’p borardim, hozir xohlagan paytimda bora olmayman. Faqat
xizmat va qarindoshlarning to’y-hashamlarini aytmasa... Ijoddan ortmay
qoldik.


— Yana konsert boshladingiz... Nega endi yanvar siz uchun an’anaviy konsert oylariga aylandi? Qolaversa yana ko’p kunlik?



Shu borada ko’pchilik jurnalistlar konsertlar mavsumidan qo’rqqaningiz
uchun shunaqa qilasizmi, degan savollarni ham berishdi. Bu yerda gap
konsertlar mavsumidan qo’rqish yoki nimadandir vahimaga tushishda emas.
Agar yaxshi konsert bo’lsa, muxlis yozning jaziramasi bo’ladimi yoki
qishning chillasidami kelaveradi. Faqat yaxshi dastur havola eta olish
kerak xolos.


— Nega aynan yanvar?



Bu shunchaki tasodif tufayli duch kelingan holat. Endi-endi bu an’anaga
aylandi. Bir tomondan shu bilan yil konsertlarini boshlab beraman.


— Demak, zimdan bo’lsa-da tabiatingizda yetakchilikka intilish bor...


— Yetakchilikka intilish yo’q. Yanvarda konsert boshlaganim uchun shunga majburman demoqchiman.  


— Bugun konsert berishga ham ko’pchilikning yuragi chidamay qoldi. Harajatning ko’pligidan...



Harajatu tashkiliy ishlar bilan tashkilotchilar shug’ullanishadi. Men
hozir faqat va faqat dasturda turli mavzudagi va saviyali qo’shiqlar
bo’lishini ta’minlashim kerak xolos. Negaki, konsertdan chiqqan
odamlarda konsertning sahna ko’rinishi emas, balki, ko’ngliga yoqqan
qo’shiqlar esda qoladi xolos.


— Bu gal faqat yaxshi qo’shiqlar konsert kulminatsiyasiga aylanadi, shundaymi?



Ha, masalan, "Yolg’iz ona nolasi”, "Hayot”, "Xorazmning lazgisida ko’p
gap bor” degan ko’shiqlarimiz muxlislarga ma’qul kelishidan umidim
katta.


— Har yili konsert uchun qurilgan muhtasham dekoratsiyalarda o’zingizni qanchalik qulay his qilasiz?



Shu masalada ham tanqidlar bo’lgan. Men imkoniyatimdan kelib chiqib
ijod qilaman va harakatlarim ham shunga moslashadi. Yuqorida
aytganimdek, qo’shimcha jihatlar ikkinchi darajada.


— Umuman, menga bo’layotgan tanqidlarning barchasi noo’rin demoqchimisiz?



Agar to’g’ri tanqid bo’lsa qabul qilaman, noto’g’ri bo’lsa ahamiyat ham
bermayman. Ortiqcha tanqidlarni yoki gap-so’zlarni xayolimda
saqlamayman. Gina saqlaydigan odatim ham yo’q.


— O’zbek shou-biznesida Otabek Muhammadzohid va Ozodbek Nazarbekovdan tashqari yana siz ishqibozlik qilayotgan xonanda?



Yaxshi san’atkorlar ko’p va mening ular bilan munosabatlarim joyida.
Masalan, Jahongir Otajonov va Otajonovlar sulolasi, O’lmas
Olloberganov, Soyibjon Niyozov, Og’abek Sobirov va hokazo
san’atkorlarga hurmatim baland. Umuman olganda milliy estradada bemalol
kuylay oladigan san’atkorlarni hamisha yaxshi e’tirof etaman. Ayniqsa,
Og’abek Sobirovning bu yilgi konsert dasturini tomosha qilayotib ikkita
qo’shiqni sahnada hech qanday ovoz kuchaytirgich moslamasiz kuylaganini
ko’rib maza qildim. Haqiqiy san’atkorlar mana shunaqa burilishlar qila
olishi kerak.  


— Siz ham shunaqa usulni qo’llashingiz mumkinmi?



Albatta. O’ylaymanki, maqom yo’nalishida tahsil olgan barcha
san’atkorlarga bu usul tushadi. Negaki, ularda ovoz birinchi o’rinda.


— Og’abekning konsertini diskda ko’ribsiz. Qaysi san’atkorning dasturiga tushdingiz?


— Ziyodaning konsertiga tushdim. Birinchi konserti bo’lganligi uchun biroz hayajonlanishlar bo’ldi-yu, ammo menga yoqdi.  


— Ziyoda, Manzura, Rayhon. Kimning reytingi baland?



Bu uchchalasining ham o’ziga yarasha professionalligi bor. Qolaversa,
o’z dunyosi, o’z yo’nalishi bor. Shuning uchun ularni bir-biriga
taqqoslash kerak emas. Masalan, Rayhon san’atkorlar oilasidan, Manzura
ham konservatoriyada tahsil olgan, Ziyodaning kuchli san’ati bor va
hokazo.


— O’zbek kino olamidan qanchalik boxabarsiz?


— Unchalik emas. Vaqtim bo’lsa, yaxshi suratga olingan filmlarni tomosha qilaman. Bachkana filmlarni tomosha qilmayman.


— Negadir, o’tgan yillar mobaynida kinoda suratga tushishga qiziqish bildirmadingiz...


— To’g’ri, takliflarning barchasini rad qilganman. Har bir sohani o’z ustasi bajargani ma’qul. 


— Bugun kinoga san’atkorlarning barchasi yaxshigina reklama vositasi sifatida qarashyapti...



Bu noto’g’ri. Kino ham o’ziga yarasha kasb. Uni xobbi qilish kerak
emas.  Keyin men ayrimlarga o’xshab bu qo’shimcha ish deb ham
ketmayman. Menga nima to’g’ri keladi, kelmaydi, shunga ko’proq ahamiyat
beraman.


— Yil so`nggida shou-biznesdagi taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Nomzodlar orasida nega men yo’qman, degan fikr o’tmadimi?



Yo’q, ochig’ini aytsam televizor ko’rishga ham fursat yo’q edi.
Tv-markazni ham mana qo’shiq yozish jarayonida "Tarona”ga kelib
ko’ryapman. Nomzodlik borasida esa Yaratganga shukurlar bo’lsinki,
"O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist” degan yuksak unvonga sazovor
bo’lganman.



Aynan sizning ovozingizga taqlid qilayotgan uch yosh xonanda qizlarni
tinglayapmiz. Ular Gulsanam Mamazoitovaning izdoshlarimi?



Yo’q. Shunchaki ular ijodlarining boshlanishida menga havas
qilishayotgan bo’lishsa kerak. Kun kelib o’z yo’llarini topib
ketishlariga ishonaman.


— Demak, boshlanishida kimgadir taqlid qilishning zarari yo’q...



Bu holat hammada bo’ladi-ku. Masalan, "Janon bo’laman”ni baribir
kuylashga to’g’ri keladi. Xalq nimani so’rasa, bilsam aytaman. Hatto u
qaysidir san’atkorning qo’shig’i bo’lsa ham.




— Kimlardir bu holatni o’z g’ururi sinishi deb biladi...


— Shunday o’ylaganlar o’zlarini aldagan bo’lishadi.


— "Quyon yili” kirib keldi. Shu muchal yili bilan bog’liq xotira bormi?



Albatta, axir bundan 12 yil oldin ya’ni 1999 yilda san’atda Gulsanam
Mamazoitova ismi yangrashni boshlagandi. O’sha paytda nasib etsa, hali
yaxshi san’atkor bo’laman, deb niyat qilgandim. Bugun shu niyatlar
amalga oshyapti.


Suhbatimiz roppa-rosa 2011 soniyaga
yetganda, to’xtatishga qaror qildik. Bu daqiqa hisobida 33,5 daqiqadan
sal ko’proq vaqtni tashkil etdi. Umid qilamizki, hayotimiz o’tayotgan
vaqtlarda emas, balki esda qolarli soniyalar bilan go’zallashib
boraversin!



mashhur.uz
Категория: ШОУ-Бизнес | Просмотров: 292 | Добавил: gonch | Теги: suhbat., Gulsanam, BILAN, MAMAZOITOVA, SONIYALIK, 2011 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: