Главная » 2013 » Апрель » 22 » "Jazo" endi "UMMON" nega?!
20:41
"Jazo" endi "UMMON" nega?!

«Professional intervyu» loyihasining
bu galgi mezboni men — yozuvchi Azamat Qorjovov, mehmonimiz esa uch
yigitdan iborat estrada guruhi —     «Ummon». Yil boshida sevgi haqida
«Hech qachon yig'lama» nomli qissa ustida ish boshladim. Bosh qahramon —
17-18 yoshlardagi qiz. Uning boshiga kutilmaganda og'ir musibat
tushadi. Biroq bir necha oylik urinishlardan so'ng ham qizning ichki
olamini his eta olmadim. Eshitayotgan qo'shiqlari, qiziqadigan narsalari
orqaligina prototipni o'rganishim mumkin edi. «Ummon» esa uning sevimli
guruhi ekan. Bu guruh haqiqatan kishini yoshlar olamiga tortib keta
oladigan qo'shiqlar armug'on etgan, ayniqsa, hech qanday klip,
televideniesiz million-million yoshlarni o'ziga muxlis qilolgan,
«shou-biznesda klip va radio-televideniesiz nom qozonolmaysan» degan
asosiy «qoida»ni tarix sahnasidan supurib tashlagan guruh sifatida
maydonga chiqqan edi…


«Ummon» guruhi «Edalvays»
restoranidagi konsert zalida repetisiya qilayotganini aniqladim.
Borganimizda, afsuski, qo'shiqlar muallifi, xonanda Zohid Rixsiev yo'q
edi. «Istiqlol» san'at saroyida rejissyorlik qiladigan qiz Umida
Toshmatova meni «Ummon»ning ikki xonandasi Jasur Rafiqov va Shohruh
Isomuhamedov bilan tanishtirdi…


— «Ummon»day bo'lolmaysan» qo'shig'ida 2007 yilda faoliyat boshlangani haqida kuylanadi, aslida ijod qachon, qanday boshlangan?


Jasur Rafiqov: — Birgalikdagi ijodni
2007 yilning avgustida boshlaganmiz. Undan avval yakkaxon tarzda qo'shiq
kuylab yurardik. Dastlab guruh nomi «Jazo» edi. Biroq turli salbiy
fikrlar bildirilgach, «Ummon» deb o'zgartirdik.


— Nima uchun «Jazo» deb nomlangan ediyu nega aynan «Ummon»ga aylandi?


J.R.: — «Jazo», bu —
men va Zohidning ismidan olingan, ya'ni «Ja» — Jasur, «Zo» — Zohid.
Aytib o'tganimdek, bu nom keskin tanqidlarga uchradi. To'g'ri, «Jazo»
og'ir nom edi. Shundan keyin «Ummon» deb yangi nom topdik. «Ummon» shu
ma'nodaki, ijodimiz va muxlislarimiz ummondek cheksiz bo'lsin.


— «Ummon baribir ummon-de»,
«Ummon»day bo'lolmaysan» qo'shiqlarida kimlargadir qarata achchiq gaplar
aytilgandek. Shu o'rinda muxlisangiz Noila Yahyoevaning (19 yosh)
savoli: nega «Ummon»ning dushmanlari ko'p?


J.R.: — Kimlardir
qo'shiqlarimizni tinglab, zavqlanadi, orom oladi, xotiralarga cho'madi.
Biz bunday insonlarga kerakmiz! Ayrimlar esa, aksincha, ko'rolmaydi,
hasad qiladi. Biroq kimlargadir qarata achchiq gaplar aytib qo'shiq
kuylamaganmiz. «Ummon» baribir ummon-de», «Ummon»day bo'lolmaysan»
qo'shiqlari yozilishga sabab shuki, biz haqimizda turli mishmishlar
tarqaldi. Muxlislarimiz shunga javoban qo'shiq kuylashimizni iltimos
qilishdi. Bu qo'shiqlarda ijodimizni kuylaganmiz, qolaversa,
muxlislarimizga salomlar ham bor. Umuman, har kim qo'shiqdan o'ziga
tegishli narsani olaveradi.


— Mutaxassislar qo'shiqlaringizni eng arzon va oddiy qo'shiqlar deyishdi. Bunga qanday fikr bildirasiz?


J.R.: — Qanday baho
berish har kimning o'ziga havola. Balki kimgadir arzon va oddiy qo'shiq
bo'lib tuyular. Biz hammasini o'zimiz bajaramiz, aniqrog'i, hamma
qo'shiqlarni Zohid yozadi.


— She'ri va musiqasini hammi?


J.R.: — Ha, hammasini.


— Biror shoir yoki havaskor muxlis she'r bersa, kuylashlaringiz mumkinmi?


J.R.: — Albatta,
kuylaymiz. Ma'no-mazmuni, janri to'g'ri kelsa, bizga yoqsa, bas. Shuni
aytishim mumkinki, repertuarimizni boyitish uchun katta shoirlar va
boshqa ijodkorlar bilan ishlashni rejalashtirganmiz.


— Kuchli yozuvchi bo'lish uchun
avvallari soat to'rtda uyqudan turib, kun davomida o'n besh-o'n olti
soatlab o'z ustimda ishlardim, hikoyalar yozardim. «Ummon»da ijodiy
jarayon qanday kechadi?


Shohruh Isomuhamedov: — Biz asosan
kechasi ijod qilamiz. Studiyada tungi soat ikki-uchlargacha, hatto
tonggacha qolib ketgan damlarimiz bo'ladi.


J.R.: — Shunday
qo'shiqlarimiz borki, bir kechada, ya'ni uch-to'rt soatda tayyorlangan,
shundaylari borki, oylab vaqt sarflanadi. Masalan, «Xiyonat» qo'shig'i
ustida olti oy ishladik, «Paxtakor» qo'shig'i esa bir kunda tayyor
bo'ldi. Hamma gap ishtiyoqda, ilhomda. Biroq kuchli qo'shiq uchun
baribir ko'p vaqt kerak, jiddiy ishlash lozim. «Xiyonat» qo'shig'i
tayyor bo'lishi, birinchidan, ovoz yo'nalishida yangilik qilishga
uringanimiz uchun uzoq cho'zildi. Ikkinchisi — qiziq sabab. Agar
qo'shiqni tinglagan bo'lsangiz, Zohidning ovozi sal boshqacha, chunki u
shamollab qolgan edi. Qo'shiqning bir qancha qismi tayyor bo'lgan
kunlari u sog'aydi. Qo'shiqning oxirigacha ovoz bir xil bo'lishi uchun
yana shamollab qolishini kutdik.


— Darvoqe, «Paxtakor» qo'shig'i «Radius 21»ning «Chempion» qo'shig'iga o'xshab ketarkan…


J.R.: — Ochig'i, bunday fikrni birinchi eshitishim.


— Yozuvchilar faqat kitob yozib
yasholmaydi, ular qaerdadir boshqa ish bilan mashg'ul bo'lib, oilasini
boqishi kerak. Qo'shiqchilar esa hech qaerda ishlamay, faqat ijod bilan
yashasa bo'ladi. Biroq shunda ham qo'shiqlari bilan butun dunyoni zabt
etadigan xonandalar yo'q. «Ummon» guruhi kelajakda qanday guruh bo'ladi?
Jahon miqyosiga chiqoladimi?


J.R.: — Kelajakda
qanday bo'lishimizni aytolmayman, lekin yanada kuchliroq bo'lishga
harakat qilayapmiz. Balki jahon miqyosiga ham chiqarmiz.


— Muxlisangiz, pochta xodimasi Dilbar Qipchoqova (20 yosh) savoli: «Ummon» yigitlari qaerda o'qiydi yoki ishlaydi?


J.R.: — Men
madaniyat kollejining rejissyorlik fakultetini tugatganman. Zohid
politexnika kollejini tamomlagan. Ikkimiz hech qaerda ishlamaymiz, faqat
san'at bilan shug'ullanamiz, Shohruh esa o'qiydi.


Sh. I.: — Kollejni bitirib, Toshkent agrar universitetiga o'qishga kirdim, hozir 3-kurs talabasiman.


— Nega endi Agrar universiteti? Kelajakda boshqa rejalar bormi?


Sh. I.: — Yigit kishiga qirq hunar ham oz, deyishgan.


— «Ummon» guruhi hech qanday
reklamasiz, oddiy telefonlar orqali 15-20 yoshlar orasida eng mashhur
guruhga aylanib bo'ldi. Sabab?


J.R.: — Eng katta
yutuqlarimizdan biri internet deb o'ylayman. Qo'shiqlarimiz internet
orqali keng tarqalayapti. Yoshlar.com va boshqa saytlarga qo'shiqlarimiz
joylashtirilgan. Ayrim saytlarga qo'shiqlarni o'zimiz bergan bo'lsak,
boshqalari o'zlari olib, joylashtirishgan. Masalan, radiolar ham o'zlari
olib, efirga uzatishadi. Telefonlarga, fleshkalarga, disklarga
internetdan yozib olishsa kerak.


— Internetdan boshqa san'atkorlar ham
foydalanadi. Biroq yoshlar qalbini hamma ham «Ummon»dek ommaviy zabt
etolmayapti. «Qo'shiqlaridagi mazmun voqealar orqali beriladi, sevgi,
dard, armon hammaga tushunarli va hayotiy» deyishdi yosh-yosh
muxlislaringiz…


J.R.: — Ha, biz
yoshlarning ko'nglidagi kechinmalarni hayotiy, tushunarli va voqeiy
qilib berishga juda katta e'tibor qaratamiz, uning-buning hayotidan
olamiz. Balki shu eng asosiy yutug'imizdir. Buning uchun yoshlarning
hayotini kuzatamiz, dardini tinglaymiz, aniq va mavjud dardni kuylaymiz.
Qo'shiqlarimiz tayyor bo'lgach, darrov muxlislarga taqdim etmaymiz.
Unga-bunga eshittiramiz, bachkana joyi yo'qmi, deb so'raymiz,
fikr-maslahat olamiz.


— «Azob» qo'shig'ida bir voqea
tasvirlangan. «O'n sakkiz yoshli qiz turg'azdi mani oyoqqa» degan jumla
bor. O'sha qizning sizlarga aloqasi bormi?


Sh. I.: — Yo'q. Unda sovuqda qolib ketgan yigitning hayotini saqlab qolgan qiz haqida gap ketayapti.


— Sizlarni san'atga o'n sakkiz yoshli qiz olib kirib, oyoqqa turg'azgan, degan yashirin ma'no yo'qmi?


Sh.I.: — Albatta,
yo'q! Biz san'atga o'z qiziqishimiz bilan kirib kelganmiz, hech qanday
qiz olib kirmagan. Hammasiga o'z kuchimiz bilan erishganmiz.


— Homiylaringiz ham yo'qmi?


J.R.: — Hammasini
o'z pulimiz bilan amalga oshirganmiz. Konsertlardan tushgan mablag'ga
2010 yilda shaxsiy «Ummon Media» studiyasini ochdik.


— To'ylarga ham chaqirishadimi? Qaerlarga?


J.R.: — Asosan Toshkent shahriga. Bundan tashqari vodiy to'ylariga ham ko'p takliflar tushadi.


Sh. I.: — Qozog'istonga ham borib turamiz.


— Hammangizni badavlat xonadon farzandlari deb o'ylagandim…


Sh. I.: — Oddiy oiladan chiqqanmiz.


J.R.: — Onam
bog'chada tarbiyachi bo'lgan, hozir uy bekasi. Otam stomotologiyada
ishlaydi. San'atga kirib kelishimga sabab — qiziqish. Avvaldan qiziqib,
havas qilganman, qo'shiqlar ijro etib yurganman. Oilada uchinchi
farzandman. Ikkita akam, bitta singlim, bitta ukam bor.


Sh. I.: — Adam metallurgiya zavodida ishlaydi, oyim bog'chada hamshira. Oilada ikkinchi farzandman. Akam va singlim bor.


— Zohidning oilasi-chi?


J.R.: — Zohid ham
oddiy oiladan. U to'ng'ich farzand. Bitta singlisi bor. Onasi uy bekasi,
otasi qaerda ishlashini, to'g'risi, bilmayman.


— Mashinalaringiz bordir?


J.R.: — Faqat Shohruhning mashinasi bor, men bilan Zohidda yo'q.


— San'at yo'lini tanlaganlaringiz
uchun, ayniqsa, estradaning rok, rep, ey-ren-bi yo'nalishlarida qo'shiq
kuylaganlaringizda oila a'zolaringiz qarshilik qilishmaganmi?


J.R.: — Boshida ozroq qarshiliklar bo'ldi, ja unchalik emas.


Sh. I.: — Menda
qarshiliklar bo'lmagan. Hatto, boshida ahamiyat ham berishmagan.
Shunchaki qiziqish deb qarashgan. Keyin qarashsa, ish jiddiy tus olib
ketdi, muxlislar orttirdik. Shundan so'ng qo'llab-quvvatlashdi.


— Boshqalar tanqid qilishsa-chi? YEngil-elpi qo'shiqlar kuylashadi, milliylikka to'g'ri kelmaydi, deyishsa…


J.R.: — Hech kimga
keragingiz bo'lmasa, tanqid qilishmaydi. Tanqid qilishayaptimi, demak,
kerakmiz. Albatta, tegishli xulosalar chiqaramiz, yanada kuchliroq ijod
qilamiz.


Sh. I.:
Tanqidlardan xursandmiz. Demak, ularning e'tiboriga tushibmiz. Biz
haqimizda qancha ko'p gapirishsa, shunchalik e'tiborda ekanmizdan
dalolat.


— Qo'shiqlaringiz internetdan
olinishi, telefonma-telefon o'tishi haqida gaplashdik. Disklaringizni
axtarib yurganlarni ko'rdim. Nima, «Ummon» disklari sotuvga keng
miqyosda chiqarilmayaptimi?


J.R.: — Bor-yo'g'i bitta disk chiqarganmiz. Nomi «Ayriliq».


Sh. I.: — U ham bor-yo'g'i o'n besh nusxada (kuladi).


J.R.:
«Qaroqchilik» («piratskiy») yo'li bilan tarqalish avj olgani uchun
bir-biridan nusxa ko'chirib va boshqa yo'llar bilan tarqatib yuborishdi.


— Qo'shiqlaringiz kompyuterga
joylashtirilganda, «Vinamp» ro'yxatida ko'pincha «Ummon» degan yozuvni
emas, Zohidning ismini ko'rish mumkin. Bundan tashqari Dilbar, Azik,
Sardorbek, Serider, Sogdiana kabi ismlar ham uchraydi…


— Zohidning o'zining ijrosidagi
qo'shiqlar ko'p. U «Ummon» guruhi tuzilmasidan avval ham kuylab yurardi.
O'shalar tarqalib ketgan. Albatta, duetdoshlarning ismlari ham
yozilgan. Dilbar, Sogdianalar bilan esa «Ummon» tashkil qilinganidan
so'ng ham duet kuylaganmiz.


Sh. I.: — Ha, ular duetdosh. «Ummon» guruhi tarkibiga aloqasi yo'q.


— Muxlisingiz Dilshod Qodirov (20
yosh) savoli: nima uchun kliplar ishlab, televidenieda namoyish
ettirmaysiz? Istamaysizmi yoki moddiy sabablari bormi?


J.R.: — Ijod uchun
klip shart emas, qo'shiq ko'ngilga yaqin bo'lsa, muxlislarning o'zlari
topib eshitishaveradi. Shu vaqtgacha klip ishlashga ishtiyoqimiz yo'q
edi, lekin muxlislarimizning talabi borligini ham unutmadik.


— «Bir hovli chetida ona yig'laydi…»
qo'shig'i Shohruh degan yigitning xotirasiga bag'ishlangan. Muxlisangiz
Noila Yahyoevadan yana bir savol: «Shohruh tirik-ku, nega uni o'ldiga
chiqarib qo'shiq kuylashdi?»


J.R.: — Qo'shiqni biz kuylamaganmiz. U endi tanilib kelayotgan Farrux Hamroevga tegishli. Bizning Shohruhga aloqasi yo'q.


Sh. I.: — Qo'shiq chiqqan kezlari men ko'p konsertlarga borolmaganman, shuning uchun mishmish tarqalib ketdi.


— Nega qo'shiqlaringiz ma'yus? Hali
yoshsizlar, hijron, ayriliq haqida bu yoshda shunchalar armon bilan
kuylash o'z-o'zidan bo'lmaydi…


J.R.: — Yo'q,
hammasi ham ma'yus emas, sho'xlari ko'p. Ijodimizning boshida ma'yusroq
qo'shiqlar bilan ko'proq ko'zga tashlangan bo'lsak kerak. Dardli
taronalar ko'pincha qalbga yaqinroq bo'ladi. Hozirgi kunda sho'x
qo'shiqlarni ko'paytirayapmiz.


— Yana bir muxlisangiz Dilafro'z
Shermuhammadieva (20 yosh) savoli: «Ummon» guruhi yigitlarining sevgan
qizlari bormi? Yoki hammasi uylanganmi?


Sh. I.: — Birontamiz uylanganmaganmiz. Sevgilimiz ham yo'q.


— Bo'lajak rafiqalaringiz qanaqa bo'lishi kerak?


J.R.: — Bo'lajak rafiqam shunday bo'lishi kerakki…


Sh. I.: — Yaxshisi, javob bermay qo'ya qol, Jasur. Bu haqda o'ylashga, gapirishga hali erta.


— Jahon estradasida ham kompyuter
orqali ovozlarga jilo beriladi. «Ummon» qo'shiqlarida ham texnik
imkoniyatlardan foydalanilganlik ochiq seziladi…


J.R.: — Ha, biz ham
texnik vositalardan foydalanamiz. Qo'shiq har tomondan zamonaviy
jihatlarga ega bo'lishi kerak. Muhimi, kompyuterdan foydalanilsa ham
muxlislarga yoqadigan qo'shiq taqdim etishda, ovozda yangilik qilishda.


Sh. I.: — Bir xillik odamni zeriktiradi.


— Katta yoshlilarga mos qo'shiqlar kuylash niyatlaringiz ham bormi?


J.R.: — Niyatlar bor. Sekin-sekin hammasi bo'ladi.


— Turkiyalik savdogarlar
«san'atkorlaringiz Turkiyaga kelsa, nuqul bozorga tushib, kiyim xarid
qiladi» deyishadi. «Ummon» yigitlari liboslarni qaerdan sotib olishadi?


J.R.: — Qaerda, qaysi kiyim yoqsa, xarid qilaveramiz. Asosan Toshkent shahridagi do'konlardan olamiz.


Sh. I.: — Libos — san'atkorning yuzi. San'atkor hammaning diqqat-e'tiborida bo'ladi.


— «Ummon» qaerlarda konsert berishga, gastrol safarlarida bo'lishga ulgurdi?


J.R.:
O'zbekistonimizning barcha viloyatlarida konsert berishga ulgurdik.
Qoraqalpog'iston va Qozog'istonda ham gastrol safarlari bilan bo'ldik.


— «Ummon»ni Amerikada
tinglashayotgani haqida qo'shiqlaringizda ta'kidlab o'tilgan. Demak,
olis mamlakatlarga ham qo'shiqlaringiz etib borgan?


J.R.: — Amerikada muxlislarimiz yo'q emas, bor. Bu gap to'qib chiqarilmagan.


— Eng mashhur qo'shiqlaringiz qaysilar?


J.R.: — Birinchi
qo'shig'imiz «Sevaveraman»ning o'ziyoq muvafaqqiyat qozondi. Keyin
«Sokin tun», «Sabab», «Bir umr», «Ayriliq», «Ko'zlaringda» kabi
qo'shiqlarimiz mashhur bo'ldi. Hozirgi kunda eng ko'p eshitilayotgan
qo'shig'imiz «Xiyonat».


Sh. I.: — «Xiyonat» radiodagi xit-paradda to'rt hafta birinchilikni ushlab turdi.


— Milliy yo'nalishdagi qo'shiqlarning
hammasi ham kuchli emas. Muxlislaringiz aytishdiki, ayrim milliy
qo'shiqlardan «Ummon» qo'shiqlaridagi samimiy va haqqoniylik kuchliroq.
Menimcha, milliy, mumtoz qo'shiqlardan yoshlar hamisha ham o'zlariga mos
hisni, dardkashlikni, ko'ngildagi gapni topolmayapti…


J.R.: — Hammaning
o'z muxlisi, o'z davri bo'ladi. Hozir bizni eshitishayaptimi,
borib-borib eshitishmay qo'yadi. Chunki bizdan ham o'tadiganlar maydonga
chiqadi. Hamma narsaning oxiri bor.


— Muxlisingiz Umid Xushmurodov (16 yosh) savoli: «Ummon»ning do'stlari kimlar?


J.R.: — Guruhlardan
eng yaqini «Samroz». Ulardan tashqari yoshlar ichida ko'tarilib
kelayotgan ijodkorlar Shahboz, Azizshoh bilan yaqin do'stmiz.


— Qanday insonlarni hurmat qilasizlar?


Sh. I.: — O'z kuchi, mehnati bilan natijalarga erishayotganlarni.


— Hayotda biror maqsadga erishishda nimalar muhim?


J.R.: — Faqat mehnat.


Sh. I.: — Mehnat, izlanish, o'z ustida ishlash.


— Haqiqiy yigit qanaqa bo'lishi kerak?


J.R.: — Qat'iyatli, bir so'zli, o'z kuchiga ishonadigan.


— Ba'zi qizlarga yigitlari xiyonat
qilishgan, tashlab ketishgan. Bunday qizlar ko'pincha «Ummon»
qo'shiqlarini tinglashadi. Ularga nima degan bo'lardingiz?


J.R.: — Hamma narsaning davosi vaqt va sabr! Hali hammasi yaxshi bo'lib ketadi, kelajak oldinda axir!


— «Ummon»ni doim hurmat qilamiz,
mahzun qo'shiqlarini ko'zda yosh bilan tinglaymiz, «Ummon» baribir
yagona, deyishdi muxlislaringiz. Ularga tilaklaringiz…


J.R.: — Doimo sog'lik-salomatlik, oilaviy baxt, ish, o'qishlariga rivoj, omad..


Sh. I.: — Omad va ummondek cheksiz baxt tilaymiz!




Xulosa:


«Ummon» yigitlari oqko'ngil,
zamonaviy, mehnatkash, o'z ustida ishlaydigan, bosiq yigitlar ekan.
Yoshlarning kumiri Zohid bilan uchrasholmadim. Guruhdoshlarining gapidan
xulosa qildimki, uning o'zi bir olam…


Guruh nomi: «Ummon»


Tashkil qilingan yili: 2007


Ijodiy yo'nalishi: rep, rok va milliy estrada


Repertuari: 20 dan ortiq qo'shiq


Kliplari: yo'q.


Disklari: 1 ta («Ayriliq»)


Xonandalari: Zohid Rixsiev (1990 yil 20 may)


Jasur Rafiqov (1991 yil 30 sentyabr)


Shohruh Isomuhamedov (1990 yil 1 aprel)


Bastakor va shoiri: Zohid Rixsiev


Auditoriyasi: asosan 15-20 yosh atrofidagi yoshlar


Gastrollari: O'zbekiston, Qoraqalpog'iston, Qozog'iston.


Prodyuser:


Matbuot kotibi: yo'q


Qo'shiqlari joylashtirilgan saytlar:


Studiyasi: «Ummon Media»


"UmmoN" Guruhidan "Sug'diyona" gazetasida intervyu

Категория: ШОУ-Бизнес | Просмотров: 369 | Добавил: gonch | Теги: Endi, Jazo, nega?!, Ummon | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: