Главная » 2013 » Апрель » 22 » “QAYSARLAR” yoxud hindcha “GAJINI” tarjimasi o’zbek ekranida...
22:02
“QAYSARLAR” yoxud hindcha “GAJINI” tarjimasi o’zbek ekranida...

"Kinoreyd”imizni davom ettirgan holda ayni kunlarda poytaxt kinoekranlariga chiqqan yana bir filmni sizlar bilan tahlil qilamiz. Bu Odil Mahamedov rejissyorligida suratga olingan "Qaysarlar” filmi. Bu film haqida bir qancha jurnalistlar o`z fikrlarini bildirib bo`lishdi. Deyarli, barchada bir xil fikr. Kimga so`z ochmaylik uni ko`chirma kartina ekanligini tasdiqlaydi. Nahotki, shunday bo`lsa, deya kinosaroyga borib uni tomosha qildik... 

7 kamchilik



1. Hind kinosi muxlislari ushbu filmning qaysi filmdan ko’chirma ekanligini allaqachon bilib bo’lishgan. Bu "Qasos” ya’ni hindchasiga "Gajini” filmi. Qolaversa, qaysidir Gollivud filmidan ham syujetlar olinganligi yaqqol ko’rinib turibdi. Xullas, tomosha qilgan tomoshabin borki, "Qaysarlar” filmi xorij kartinalari qorishmasining "O’zbekvud” ekranidagi namoyishi etilishi deya baholab ketmoqda.

2. Filmda hech qanday ijodiy yuk yo’q. Ssenariy muallifi va rejissyor nima demoqchi ekanligini ham tushunmaysan. Eng qizig’i, ikki dugonaning ota-onasi umuman ko’rsatilmaganligi. Mayli, ular yo’q bo’lgan taqdirda ham birorta qarindoshi bo’lishi kerak-ku. Yo’q, qarindoshlari ham yo’q. Agarda ularni viloyatdan kelib shaharda ishlayotgan qizlar demoqchi bo’lsak, bu ham mantiqqa to’g’ri kelmaydi, har holda yegani oldida, yemagani ketida qilib tasvirlangan.

3. Sabinaning dugonasiga qo’lidagi tilla taqinchoqni kuyov sovg’a qilgan deb maqtaydi. Ammo ular oldindan uchrashganlarida ham o’sha yurakchali taqinchoq Sabinaning qo’lida bo’ladi. Nahotki, bunga rejissyor e’tibor qilmagan.

4. Ikki dugonaning to’ylarini o’tkazish uchun o’zlari restoran qidirib borganlari va bitta restoranga qarab qolishgani ham tomoshabinga erish tuyuladi. Shaharda qancha restoran bor. Ustiga ustak, to’yning bunaqa yugur-yugurlari bilan kuyovlar shug’ullanadi-ku. Undan ham qizig’i, har ikkala yigit ham boyvachchaning boyvachchasi bo’lsa. Shundoq yigitlarga turmushga chiqayotgan qizlarning restoran qidirib yurishini qarang.

5. Aynan shu restorandan chiqish sahnasida Sabinaning uquvsiz dugonasi uquvsizligini yana bir bor isbotlash sahnasiga e’tibor qiling. Restorandan chiqayotgan ikki qiz eshikdan chiqayotib, qo’lida bir to’da kitob ko’tarib kelayotgan yigitni turtib yuboradi. Baraka topgur, restoranga kitob ko’tarib kelib nima qilasan?

6. Muborak ijro etgan Sabina obrazining oldiga kelgan Temur qizning telefonda gaplashayotganini ko’radi va qiz uni yoniga o’tirg’izib qo’yib, maza qilib telefonda gaplashaveradi, gaplashaveradi. Qayerda va qaysi tashkilotda shunaqa?

7. Shahzoda Matchonova ijrosidagi qahramon qizning tuflisi katta ko’chada tiqilib qolganini ayting. Ha mayli, tiqilib qoldi ham deylik, ammo joni o’ziga kerak har bir qiz, tuflisi qanchalik qimmat tursa-da, avvalo oyoq kiyimini yechib bo’lsa-da, o’zini qutqarishga harakat qiladi. Yo’q, u yigit kelib qutqarishini kutadi, hind filmlaridagi kabi yigit uni ko’tarib yo’l chetiga yiqilsa, darhol xijolat bo’lib turib ham ketmaydi, biroz yotib suratga olingach, turadi. Qanday yaxshi-a?

Xullas, bu filmni boshidan oxirigacha tanqid qilib chiqish mumkin. Ammo rejissyorning debyut ishi ekanligini hisobga olib, keyingi ishlarida omad tilash bilan bu film haqidagi fikrlarimizni yakunlaymiz.

Категория: ШОУ-Бизнес | Просмотров: 296 | Добавил: gonch | Теги: ekranida..., “QAYSARLAR”, o’zbek, “GAJINI”, yoxud, hindcha, tarjimasi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Имя *:
Email *:
Код *: